Оставьте ваш номер

и мы вам перезвоним!

+998 91 653-9921

info@ftd24.uz

Г.Фергана

ул. Юксалиш, 104 В

Каждый день

Круглосуточно

«Gazeta-dinozavr» – yo‘qotilgach, qadri bilinadi

14.11.2018

«Gazeta-dinozavr» – yo‘qotilgach, qadri bilinadi

 Biz matbuot do‘konlarida ijtimoiy-siyosiy nashrlarning bo‘lmasligiga o‘rganib qoldik...

* Bozorlarda, gavjum joylarda bunday nashrlarni yerga yoyib sotishayotganiga ko‘nikmadik, uchratmadik...

* Avtobuslarda, avtoturargohlarda yosh bolalarning shov-shuvli, jiddiy maqolalar haqida bong urgani haqida eshitmadik...

* TVda rasmiy nashrlarning reklamasi, sharhi berilmadi...

Bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Chunki muassisi bo‘lgan nashrlar «ko‘chada» qolmasdi... 

Rasmiy-siyosiy nashrlar «indamaygina», «imi-jimida» tashkilotlarga kirib bordi. Davlat tashkilotiman, degan borki, yilning so‘nggi choragida obuna muammosiga duch keldi. Gazetaga muammo, deb qaraldi. Buning ko‘plab asosli omillari bor, albatta.

«Jiddiy» gazetalar o‘ta jiddiylashib ketdi. Kam eshitadigan, ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldi. Orol qurib bordi, nashrlar sahifalarini suv bosdi... Katta yozuvchi aytganidek, mazmun degan narsa bir paqir suvning ustida suzib yurgan yog‘ga o‘xshab qoldi. Nashrlarimiz ko‘pincha jiddiy tashkilotlarning hisoboti, me'daga tegadigan tadbirlari bilan to‘yindi. Xodimlar qarg‘a «qag‘» etganda bosiladigan tanqidiy, tahliliy materiallar bilan gazetxonni ushlab turishiga ishondi. Jurnalist muammoni izlab borganidan ko‘ra, muammo jurnalistni izlab kelgan holatlar ko‘p bo‘ldi. Bunday murojaatlarga javoban hafsala qilgan tahririyatlar bo‘ldi. Muammoni borib o‘rgandi, yechim topdi.

Va bu harakatlar bizni harakatsizlikka o‘rgatib qo‘ydi.

Bu urinishlar bilan gazeta qilib bo‘lmas ekan. Bunday gazetalarni odamlar o‘z istagi bilan o‘qimas ekan. Matbuot do‘konidan izlamas ekan. 

Natija esa bugun ko‘pchiligimizga ma'lum. 

UYQU UYFOTDI...

Rasmiy bosma nashrlarning uzoq uyqusi internetni uyg‘otib yubordi. Biz kecha tan olmaganimiz, tasavvur qilolmaganimiz uchun bugun uyalib qolyapmiz. Texnika – bu texnika, taraqqiyot – bu taraqqiyot!

Insoniyat yo‘qolib ketgan turlar haqida gapirganda, odatda dinozavrlar va mamont­larni esga oladi. Chunki ular hajman katta. Shu sabab, bizga qiziq tuyuladi. Va ularni o‘zimizcha «sog‘inib» ham qo‘yamiz. Kino va multfilmlarda, badiiy asarlarda gavdalantiramiz. Insoniyatni shafqatsizlikda, tabiat kushandasi sifatida ayblaymiz. Bugungi kunda yo‘qolib borayotgan turlar fojiasidayam insonni ayblaymiz.

O‘zi shunaqa. Yo‘qotilgach, qadri bilinadi.

Nima bo‘pti, gazetayam bugungi dinozavr! Odamlarning orasiga sig‘mayapti. Hajman kattaligi, yo‘q, hajman mavjudligi bilan bizni qiynayapti. Millionlab daraxtlarni «yeyapti» (!). Yuz minglab odamlarning cho‘ntagiga o‘g‘rilarcha qo‘l solyapti. Oyligiga ko‘z tikyapti.

Xulosa qilganlar ham bor: gazeta-dinozavr – bu qandaydir noma'lum tur. Qachon paydo bo‘lganiyam noma'lum va u albatta, yo‘qolishi kerak! U sog‘ib bo‘lingan sigir. Ikki asr sut berdi axir, qaridi-da! Axborotni endi TV, radio, internet ham bera oladi.

ESKI ODAMLAR

Yaqinda to‘qsonga yaqinlashib qolgan faxriy jurnalist Gadoy Meliyev keldi. Bu odam kamina tug‘ilmasidan qirq yillar avval gazetachilikni boshlagan: – Bolam, gazetani sog‘inaman-da. Hech narsa gazetaning o‘rnini bosolmasa kerak. Anchadan beri kelolmagandim, mana, mahalladan yangiliklar, yaxshi xabarlar olib keldim. Gazetada bering, o‘qib bir xursand bo‘lishsin! 

Shokir Sheraliyev – bu odam bir paytlar ancha-muncha yuragi botirlar ham qo‘l urmagan ishni amalga oshirgan. O‘zi tug‘ilib o‘smagan, mushugiyam adashmagan chekka bir tumanga borib tuman gazetasini tashkil qilgan. O‘sha gazetani o‘qib, ma'rifatli bo‘lganlar bugun juda katta odam. Shokir akani tanimasayam kerak. «Tumanda o‘zi birgina ommaviy axborot vositasi bor. Mahalliy xabarlar, yangilik va muammolarni shu orqali o‘qiyapmiz. Yonimizdagi odamlar, aniqrog‘i, biz haqimizda Toshkentdan kelib yozishmaydi-ku. Buning imkoniyati ham yo‘q. Kulmasangiz aytay, kamiga men internetni tushunmayman. Mahallada telefondan shunchaki, foydalanish uchun ham «antenna» izlaymiz...» dedi ustoz.

Hasan Sultonov – «Oltin qalam» xalqaro ko‘rik-tanlovi sohibi. Mohir karikaturachi. «Mushtum»ni uzoq yillar, hozir ham «gullatayotgan» rassomlardan biri. Jomboylik bo‘lgani uchun hazil-chin shart qo‘ydik: «Yoki bizgayam karikatura chizib berasiz yoki ko‘chib ketasiz!». «Shart»ni qabul qildi. Hozir bu odam tahririyatning o‘z xodimiga aylanib qoldi. Foya va takliflarimizni istaganimizdan-da yaxshiroq aks ettiryapti. Har bitta karikaturasidan keyin tahririyatga «katta­kon»lardan qo‘ng‘iroq bo‘lib turibdi. «Ilhom quyilib kelyapti. O‘zimni yosharganday sezyapman. Meni Jomboyga qaytadan tanitib yubordilaring, mashhur bo‘lib ketdim...», deydi Hasan aka.

Bu toifa kishilarni birgina Jomboyning o‘zida istagancha sanash imkoniyatimiz bor. Ular hozir ham biz, nabiralari tengi avlod bilan yelkadosh.

Afsuski, ularning hech biri bugun internetni bilmaydi. Ular dinozavr davrida yashashgan, ishlashgan... 

Tahririyat qoshida tashkil etilgan «Parvoz» to‘garagida ham qirqqa yaqin yoshlar maqola, she'r va hikoyasi bilan qatnashib turibdi. Ayrimlarining qo‘lida zamonaviy telefoni, internetga kirish imkoniyati bo‘lsayam, hozircha ular shu yerda, yonimizda. 

JARAYoN BORMI - HAYoT BOR

Ustozimiz aytardi: «Maqola tayyorlamoqchi bo‘lgan joyingda qurilish, ta'mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, buni inobatga ol. Tartibsizlik, pala-partishlik bartaraf etilayotganini ko‘rding, ishondingmi, u yerda sen qiladigan ish qolmadi. Muhimi, muammo bartaraf etilyapti. Jarayon ketayotganda, ularning ustiga chiqib tepish shart emas...»

Bugun o‘zbek bosma ommaviy axborot vositalarida tiklanish jarayoni ketyapti. 

Nashrlar eski aqidalaridan voz kechyapti. (Voz kechmayotganlar bo‘lsa, ular ham yangicha ishlashga ertaga emas, bugun o‘tishi kerak).

Masalan, birinchi marta Samarqand viloyatidagi «Zarafshon» gazetasi obuna uyushtirgan tashkilotlarga qimmatbaho sovg‘alar va'da qildi. Vaholanki, har yili soha faxriylari, ellikka yaqin pensionerlar tahririyat hisobidan obuna qilib berilardi. 

Navoiy viloyati, Karmana tumani «Karmana ovozi» gazetasi obuna bo‘lgan tashkilotlarga kitob sovg‘a qilishni taklif qildi.

Yana bir qator tahririyatlar (imkoniyati bori) gazetani obunachiga o‘zi yetkazib berishni rejalashtirib turibdi. Xalqqa yaqin bo‘lamiz, obunachining fikrini, taklifini olamiz. Joylardan xabarlarimiz ko‘payadi, degan fikrda.

Boshqa bir nashr gazetani bozorlarda, aholi gavjum joylarda jarchilar orqali sotishni o‘ylayapti. 

Biz bilmagan, eshitmagan loyihalarni o‘ylayotganlar topiladi, albatta. Bozor talabi, zamon talabi – shu. 

Bosma nashrlarning so‘nggi ikki yilda ancha jonlangani, tahliliy-tanqidiy xabarlarning ko‘paygani, xabar va yangiliklarni veb-sayt, turli ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali berib borayotgani esa izoh talab qiladigan masala ham emas (Qolaversa, uzoq yillar davomida kuzatilgan o‘lik sukunat faqat bosma OAVga emas, TV va radioga ham birdek tegishli).

Shu paytgacha bunday harakatlar deyarli bo‘lmagan. Xo‘sh, gazetalarning yangicha ishlash tartibiga o‘tayotgani, zamon talablarini o‘ziga singdirayotgani – bu tiklanish jarayoni bo‘lmay, nima? Bu harakatlarga istalgan tizimda bo‘layotgan islohotlar kabi qarash kerak, xolos. Ushbu vaziyatda sohaning ustiga chiqib tepish emas, jo‘yali, asosli, mantiqli takliflar berish aqlli odamning ishidir.

GAZeTAFOBIYa

Yaqinda majburiy obunaga yo‘l qo‘ygani uchun Bekobod tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ishdan olindi. Bu xabar ishini yaxshi ko‘radigan har qanday tashkilot rahbarini sergaklantirdi. Gazetani deb ishdan ketishni kim ham xohlardi!

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Endi xalq ta'limi bo‘limi mudirlari, boringki, istalgan tashkilot rahbari xodimiga «Gazeta o‘qing», deyolmaydigan darajada qo‘rqib qolmadimikan? 

Bizningcha, gazetafobiya shu taxlit rivojlantirib borilsa, bosma nashrlar shu yilning o‘zidayoq juda og‘ir holatga tushib qolishi aniq. Chunki biz «Majburiy obuna qildirishsa, paxtani majburiy terdirishsa, menga ayt. O‘zim ta'zirini beraman, qahramon bo‘laman» deyapmiz. Ammo «Vijdon va aql tarozisi bilan o‘yla. Paxtani fursati kelib sening yordamingsiz ham terib olishlari mumkin. Hozircha qalb amri bilan paxta ter, shundayam tekinga emas. Borki, gazeta o‘qi. Saviyang, salohiyating uchun. Sohangning yaxshi mutaxassisi bo‘lishing uchun bu ham bir manba», demayapmiz. 

XULOSA

Bosma nashrlarda ishlayotganlar majburiy obuna tarafdori emas. To‘g‘ri, shu paytgacha mexanizm shunday ishlab kelgandi. Endi o‘sha halqa uzib qo‘yildi. Demak, endi gazeta xodimining mehnati yanada og‘irroq, zalvorliroq bo‘ladi.

Dunyoda gazeta o‘qilyapti. Qaysidir mamlakatda yuz kishidan uch-besh kishi, boshqasida ellik va undan ortiqroq kishi gazeta o‘qiydi. Ammo biz qanday davlatga aylanganimiz ma'qul? O‘qiydigan, ongli tarzda mutolaa qiladigan jamiyatgami yoki osongina gazetadan voz kechadigan millatgami?

Insonga beriladigan eng eski va dastlabki savol: «Xo‘sh, kim bo‘lmoqchimiz?!»